Яндекс.Метрика

Til imtihonlariga tayyorlanish: qanday yondashuv afzal?

Oct 23 / Komil Jalilov
CEFR Multilevel (Bilimlarni baholash agentligi), IELTS yoki Kembrij ingliz tili (masalan, B2-First, Advanced-C1) kabi til ko‘nikmalarini baholaydigan imtihonlarga tayyorgarlik ko'rayotganingizda ko‘pincha savol tug‘iladi: qanday yondashuv samaraliroq? O‘qib tushunish, yozish, tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalari ustida alohida ishlagan afzalmi yoki  integratsiyalashgan yondashuv ma’qulroqmi?

Har ikkala yondashuvning ham o‘z afzalliklari va kamchiliklari bor. Keling, ularning har birini aniq misollar bilan ko‘rib chiqamiz.  

Har bir ko‘nikmani alohida “charxlash”
Hunarmand biror muhim ishga kirishidan oldin har bir asbobini e’tibor bilan charxlashini kuzatganmisiz? Ko‘nikmalarga asoslangan yondashuvni shu jarayonga qiyoslash mumkin. Bunda siz imtihonga tayyorlanish jarayonidagi har bir darsingizni aniq bir til ko‘nikmasini yaxshilashga bag‘ishlaysiz. Bunday yondashuvning mantiqi shuki, har bir ko‘nikmani alohida kuchaytirish imtihonda umumiy natijaning yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

Bu qanday ishlaydi? Masalan, siz o‘qib tushunish ustida ishlayotgan bo‘lsangiz, aynan o‘qib tushunish strategiyalariga etibor qaratasiz: skimming va skanning strategiyalarini mashq qilasiz, matnning asosiy g‘oyasini aniqlash, ochiq aytilmagan ma’lumotlar va goyalarni tushunish (inference) yoki konkret detallarni tez topish topishni o‘rganasiz,  imtihondagi test topshiriqlari (savollar) turlari bilan ishlash texnikalarini rivojlantirasiz.  

Bunday yondashuv sizga qisqa vaqt ichida imtihonga tayyorlanish, o‘zingizning zaif tomonlaringiz ustida maqsadli ishlash va har bir ko‘nikma uchun kuchli poydevor yaratish orqali imtihondagi umumiy natijani ko‘tarishga yordam berishi mumkin. Bu yondashuvning asosiy kamchiligi esa – har bir ko‘nikma ustida alohida ishlash uchun umumiy til darajasi muayyan darajaga (odatda kamida B1) yetgan bolishi kerak.

Ko‘nikmalar integratsiyasi 
Integratsiyalashgan ko‘nikmalar yondashuvi esa kundalik hayotda tildan qanday foydalanishimizni aks ettiradi. Masalan, maqola o‘qiganda uni kim bilandir muhokama qilishimiz, unga taqriz yozishimiz yoki maqola mavzusi bilan bog‘liq podkast tinglashimiz mumkin. Bunday yondashuv bir mavzu doirasida tilga oid turli ko‘nikmalarni rivojlantirish, shuningdek, muayyan mavzularga chuqurroq kirish, mavzuga turli tomondan nazar tashlash imkonini beradi.

Bunday yondashuv til o‘rganuvchiga turli ko‘nikmalarni samarali bog‘lashga yordam beradi, shuningdek, alohida ko‘nikmalarni mashq qilishdan ko‘ra qiziqarliroq, jonliroq tuyulishi mumkin. Shu bilan birga, bunday yondashuv ko‘proq vaqt talab qiladi va aynan qaysi ko‘nikmaga ko‘proq e'tibor berish kerakligini aniqlash qiyinroq bo‘lishi mumkin.

Qaysi yondashuv afzal?
Aslida, yuqoridagi ikki yondashuvdan hech biri boshqasiga nisbatan ustunroq emas. Qaysi yondashuvni tanlash o‘zingizga, maqsadingizga, imtihonga tayyorlanish uchun qancha vaqtingiz qolganiga bog‘liq. Masalan, agar sizning vaqtingiz kam bo‘lsa yoki muayyan bir ko‘nikmada oqsayotgangizni aniq bilsangiz, har bir ko‘nikma ustida alohida ishlash yondashuvini tanlashingiz mumkin. Yoki siz jonli darslarni, guruh muhokamalarini yoqtirsangiz, hali vaqtingiz bemalol bo‘lsa, ko‘nikmalar integratsiyasi yondashuvi orqali hamma til ko‘nikmalarini parallel rivojlantirib borishingiz mumkin.