Яндекс.Метрика

Onlayn o‘rganishni samarali tashkil qilish uchun maslahatlar

Oct 2 / Komil Jalilov
Onlayn ta’lim zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylandi. Hozirgi kunda nafaqat ayrim fanlarni va kasblarni onlayn o‘rganish mumkin, balki universitet diplomi va hatto ilmiy darajalarni ham onlayn olish imkoni bor. Onlayn ta’limning qulayligi – o‘zingizga qulay vaqtda va shart-sharoitda, o‘zingizda mos tezlikda o‘rganish imkoniyati. Shu bilan birga, onlayn ta’lim samarali bo‘lishi uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Quyidagi strategiyalar sizga onlayn ta’limni samaraliroq tashkil qilishga yordam beradi.  

O‘qish uchun alohida joy ajrating
Atrof-muhit diqqatingizga katta ta’sir ko‘rsatadi. Karavotda yoki televizor qarshisida dars qilishga urinish ko‘p chalg‘ishlarga va vaqtning bekor ketishiga olib kelishi mumkin. Dars qilish uchun maxsus joy ajrating. Bu joyda faqat dars qilish uchun kerakli narsalar: noutbuk, daftar, ruchka bo‘lsin. Tartibli ish joyi o‘qish jarayonida kerakli narsani tez topishga yordam beradi va unumdorlikni oshiradi.

Jadvalga rioya qiling
Onlayn ta’limning eng katta muammolaridan biri – qat’iy jadvalning yo‘qligi. Har qanday ishda bo ‘lgani kabi, o‘qishda ham Intizom muhim ahamiyatga ega. O‘qishga ish kabi munosabatda bo‘ling: dars qilish, topshiriqlarni bajarish uchun aniq vaqt belgilang. Bu vaqtni kalendaringizda belgilab qo‘ying va unga amal qiling. Bu vaqt uchun tartib ishlab chiqing va unga amal qiling: masalan, dars qilishni bir finjon qahva ustida oldingi mavzuni qaytarishdan boshlarsiz. Bunday tartib miyangizga diqqatni jamlash vaqti kelgani haqida signal yuboradi.

Faol o‘rganuvchi bo‘ling
Video ma’ruzani passiv tomosha qilish oson, lekin haqiqiy o‘rganish sodir bo‘lishi uchun faollik kerak. Video paytida o‘zingizga o‘zingiz savollar bering, ma’lumotni tahlil qiling, qiziq yoki tushunarsiz joylari bo‘yicha o‘qituvchingizga yoki muhokama forumlarida boshqa o‘rganuvchilarga savollar bering, murakkab mavzularni birgalikda muhokama qiling. Boshqalarning savollariga fikr bildiring – mavzu yoki tushunchani boshqalarga tushuntirish o‘rganishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. Daftaringizda qaydlar qiling – tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qo‘lda yozish ma’lumotni qayta ishlashda klaviaturada terishdan ko‘ra samaraliroqdir.

Chalg‘ituvchi omillarni minimallashtiring
Noutbuk yoki planshet – sizning o‘quv qurolingiz, lekin shu bilan birga u chalg‘ituvchi vosita hamdir. Dars paytida boshqa vazifalarga chalg‘imang. Ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochta, yangiliklar saytlaridan keladigan va boshqa har xil har xil bildirishnomalarni o‘chirib qo‘ying, brauzerdagi ortiqcha oynalarni yoping, telefoningizni ovozsiz rejimga o‘tkazing. 25 minutlik o‘rganishdan keyin 5 daqiqa tanaffus qiling.

Ushbu strategiyalar yordamida siz onlayn ta’lim tajribangizni o‘sish uchun kuchli imkoniyatga aylantirishingiz mumkin. O‘rganish jarayoningiz maroqli va kashfiyotlarga boy bo‘lishini tilaymiz!