Tasavvur qiling: o‘qituvchi darsga qattiq tayyorgarlik ko‘rdi, qiziq taqdimot tayyorladi, har xil pedagogik texnologiyalardan foydalandi. O‘quvchilar darsda faol ishtirok etishdi, o‘qituvchi ham xursand. Biroq bir necha darsdan keyin shu mavzu yuzasidan test olinganida ularning aksariyati mavzuning asosiy qismini eslay olmasligi ma’lum bo‘ldi.
Shunday bo‘lishi mumkinmi? Bo‘lishi mumkin. Lekin dars zo‘r o‘tgan bo‘lsa, nega natija bunday?
Bu yerda muammo o‘qituvchining mahoratida emas, balki u darsni rejalashtirishda insonlar qanday o‘rganishlari haqidagi fundamental tushunchalarni hisobga olmaganida bo‘lishi mumkin. Masalan, “kognitiv yuklama”ni.
Ishchi xotira – cheklangan resurs
Inson miyasi qanday ishlashini o‘rganadigan olimlar (“kognitivistlar”) uni kompyuter tizimiga o‘xshatishadi. Xuddi kompyuter tizimlarida bo‘lgani kabi, kirayotgan ma’lumot (input) oldin ishchi xotiraga, keyin doimiy xotiraga o‘tadi. Lekin muammo shundaki, insonning ishchi xotirasi juda cheklangan hajmdagi ma’lumotni va cheklangan vaqt davomida ushlab tura oladi. Agar ma’lumot shu qisqa davomida qayta ishlanib, doimiy xotiraga o‘tkazilmasa, u yo‘qotiladi – biz uni eslay olmaymiz.
Oddiy qilib aytganda, agar siz 1 litrli idishga 5 litr suv quymoqchi bo‘lsangiz, suvning katta qismi yerga to‘kiladi va bekor ketadi. Ta’limda ham shunday. Xo‘sh, “suv bekor ketmasligi” uchun, dars samaradorligini oshirish uchun nima qilish mumkin?
Bo‘laklarga bo‘ling
Mavzuni tushuntirayotganda o‘quvchiga hamma ma’lumotni birdaniga bermasdan, uni kichik, mantiqiy yakunlangan bo‘laklarga ajrating. Har bir bo‘lakdan so‘ng o‘quvchi o‘zlashtirganini tekshirishib oling: masalan, mashq yoki topshiriq bering, kichik test ishlating yoki savol-javob qiling. Pedagogikada bu “chunking” deyiladi.
Misol uchun, sifat va ravishni farqlashni o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, oldin sifat nimaligini o‘rgating va mashq qildiring. Keyin – ravish nimaligini. Keyin esa ikkovini farqlashni o‘rgating.
“Sxema”larni ishga soling
Olimlarning ta’kidlashicha, inson miyasida tushunchalar bir-biriga bog‘langan “sxema”lar – tushunchalar “to‘ri” shaklida saqlanadi. Yangi ma’lumot eski bilimlar ustiga “quriladi”: agar biz yangi ma’lumotni miyamizda mavjud qaysidir tushuncha bilan bog‘lay olsak, bu yangi ma’lumotni eslab qolamiz. Aks holda – yo‘q. Demak, yangi mavzuni tushuntirayotganda uni o‘quvchi allaqachon biladigan narsalar bilan bog‘lash kerak.
Misol uchun, siz hujayra tuzilishini tushuntirmoqchisiz. “Yadro”, “mitoxondriya”, “membrana” singari tushunchalar o‘quvchi uchun juda abstrakt tuyulishi mumkin. Mavzuni tushuntirishdan oldin o‘quvchilardan shahar haqidagi bilimlarini so‘rab olishingiz mumkin: ular uchun bu – tanish tushuncha. Masalan, o‘quvchilarga “Shahar hokimligi nima vazifa bajaradi? Shahar aholisi uylarni isitish uchun issiqlikni qayerdan oladi?” singari savollar berishingiz mumkin. So‘ng o‘quvchilar javobiga asoslanib, hujayraning turli qismlari vazifalarini shahardagi turli vazifalarni bajaradigan idoralarga o‘xshatish orqali tushuntirishingiz mumkin.